Portalning yangi versiyasini ishga tushirish munosabati bilan, ushbu versiyada texnik quvvatlash to'xtatiladi!!!
Yangiliklar » Interaktiv davlat xizmatlari rivojlanmoqda
23.04.2014

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida axborot sohasida amalga oshirilayotgan tub islohotlar axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini hayotga keng joriy etish va yanada rivojlantirish imkonini bermoqda. Davlatimiz rahbarining 2013-yil 27-iyunda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori bilan tasdiqlangan 2013-2020-yillarda O‘zbekiston Respublikasi telekommunikatsiya texnologiyalari, tarmoqlari va aloqa infratuzilmasini rivojlantirish dasturining qabul qilinishi mamlakatimizda axborot resurslari, tizimlari va tarmoqlarini jadal rivojlantirishga xizmat qilayotir.

my.gov.uz yagona interaktiv davlat xizmatlari portali mamlakatimiz axborot-kommunikatsiya tizimining istiqbolli loyihalaridan. 2013-yil 1-iyuldan ishga tushirilgan ushbu portal davlat organlarining aholi va tadbirkorlik subyektlari bilan o‘zaro hamkorligining qulay, samarali vositasiga aylandi.

Mazkur loyiha “Obod turmush yili” Davlat dasturi va Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 30-dekabrda qabul qilingan “Interaktiv davlat xizmatlari ko‘rsatishni hisobga olgan holda Internet tarmog‘ida O‘zbekiston Respublikasining Hukumat portali faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq amalga oshirildi. Yagona portalning yaratilishi mamlakatimizda “Elektron hukumat” tizimini shakllantirish va rivojlantirishning navbatdagi bosqichi bo‘ldi.

– Bugungi kunda yagona portal orqali yigirmadan ortiq yo‘nalish bo‘yicha 170 dan ziyod interaktiv xizmatdan foydalanish mumkin, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi huzuridagi «Elektron hukumat» tizimini rivojlantirish markazining ixtisoslashtirilgan tarkibiy bo‘linmalar faoliyatini muvofiqlashtirish departamenti boshlig‘i E.Rahmonov. – Ular orasida avtomatik rejimda taqdim etiladigan interaktiv xizmatlar ham bor. Masalan, jismoniy va yuridik shaxslarning statsionar telefon aloqa xizmatlari hamda internetga ulanishi, soliq bo‘yicha qarzdorlik mavjud emasligi to‘g‘risida davlat soliq xizmati organlaridan ma’lumotnoma olish, telekommunikatsiya sohasida litsenziya olish va boshqa xizmatlar shular jumlasidandir.

Portalda aholi murojaatlarini ko‘rib chiqishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari portal orqali davlat va xo‘jalik boshqaruvi, joylardagi davlat hokimiyati organlariga murojaat qilishi mumkin. Shuningdek, bu yerda ma’lumotnomaga oid axborot topish, foydalanuvchilarga ularning murojaat va arizalari davlat organlari tomonidan ko‘rib chiqilishi qaysi bosqichda ekanini bilish imkonini beradigan “Statistika” modulidan foydalanish mumkin.

Portalga Qoraqalpog‘iston Respublikasi shahar va tumanlari, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari ulangan. Fuqarolar o‘z murojaatlarini yashash joyi bo‘yicha taqdim etishi mumkin. Bu mahalliy ahamiyatga ega masalalarni tezkorlik bilan hal etish imkonini beradi. Bunga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari komputerlashtirish markazi bilan hamkorlikda tuman rahbarlarini “Elektron hukumat” tizimiga jalb qilish bo‘yicha o‘tkazilayotgan tashkiliy tadbirlar tufayli erishilmoqda.

Qisqa muddatda sayt orqali davlat organlariga jo‘natilgan murojaatlar soni 11,5 mingtani tashkil etdi. Shuning qariyb 83 foizi ko‘rib chiqilgan va fuqarolarga tegishli javoblar qaytarilgan. Portaldan ayniqsa jismoniy shaxslar ko‘proq foydalanayotir. Jami murojaatlarning 88 foizi aynan ulardan kelib tushgan. Murojaatlarning ko‘p qismi Toshkent shahar hokimligi, Ichki ishlar, Adliya, Xalq ta’limi vazirliklari va Davlat soliq qo‘mitasiga yuborilgan.

– Birgina ma’lumotnoma olish uchun Toshkent viloyatidan Surxondaryoga borib kelishimga to‘g‘ri kelardi, – deydi Toshkent viloyatida yashovchi M.Turdiyeva. – Biroq my.gov.uz portalida ro‘yxatdan o‘tib, ushbu masalani uydan chiqmay turib internet yordamida hal qildim. Ham vaqtim tejaldi, ham mablag‘ yonimda qoldi. Yaratilgan bunday qulayliklardan mamnunmiz.
Yagona portaldan foydalanuvchilar orasida yuridik shaxslar ham ko‘pchilikni tashkil qiladi. Tadbirkorlar portal qulayliklari va imkoniyatlariga yuqori baho bermoqda.

– Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali ayniqsa tadbirkorlarga katta qulayliklar yaratmoqda, – deydi “Olplast” qo‘shma korxonasi direktori N.Zaynobiddinov. – Endi turli tartib-taomillardan qulay va tez o‘tish imkoniyati mavjud. Masalan, yagona portal tufayli eksport shartnomasini tuzishga xulosa berish masalasi juda qisqa muddatda o‘z yechimini topdi. Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi xodimlari o‘n kundan so‘ng elektron pochta orqali menga tegishli javobni yubordi.

Yagona portal muntazam takomillashtirib borilmoqda. Jumladan, ulanayotgan tashkilotlar soni ortib, qo‘shimcha imkoniyat va xizmatlar ishlab chiqilmoqda, portal orqali ish sifati va qulaylik darajasi oshmoqda. Davlat organlarining mas’ul xodimlari bilan hamkorlikda portal modullaridan samarali foydalanilmoqda, o‘quv mashg‘ulotlari va seminarlar o‘tkazilmoqda.

O‘zaro aloqalarni yaxshilash va davlat organlarining murojaatlar ustida ishlashi xususida foydalanuvchilar fikrini inobatga olish maqsadida “Baholash” servis xizmatidan foydalangan holda, portalda murojaatga qaytarilgan javobga izoh berish imkoniyati yaratildi. Ushbu tizim davlat organlarining fuqarolar murojaatlarini to‘liq va sifatli ko‘rib chiqishini ta’minlashga yordam beradi.
Yagona portal foydalanuvchilari uchun murojaatlarni davlat organlariga jo‘natadigan Android platformasidagi maxsus mobil ilova ishlab chiqildi. Ular uyali aloqa telefoniga keladigan SMS-xabar orqali o‘z murojaatlarining ko‘rib chiqilishi qaysi bosqichda ekanidan xabardor bo‘lishi mumkin. Yagona portalning axborot-ma’lumot xizmati faoliyati ham alohida e’tiborga loyiq. Mazkur xizmat mutaxassislari interaktiv xizmatlardan foydalanishga oid ma’lumotlarni taqdim etishdan tashqari telefon orqali fuqarolardan murojaatlarni qabul qilib, tegishli davlat muassasasiga jo‘natadi.

Bugungi kunda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan ko‘rsatilayotgan ko‘plab xizmatlar uchun to‘lovlarni mobil telefoni orqali to‘lash imkonini bermoqda. Yaqin vaqtlarda foydalanuvchilar real vaqt rejimida “O‘zbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi xizmatlari to‘lovini ham portal orqali amalga oshirishi mumkin. Bundan tashqari, Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi mutaxassislari O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda davlat bojlari hamda boshqa yig‘imlarni on-layn usulda to‘lash masalalarini ko‘rib chiqayotir.

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali mamlakatimizda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jadal rivojlanayotganining yorqin dalilidir. Portalni takomillashtirish borasida olib borilayotgan izchil ishlar, shubhasiz, tez orada davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari fuqarolar hamda yuridik shaxslar bilan real vaqt rejimida yanada samarali hamkorlik qilishiga yordam beradi.

www.gov.uz

Поделиться

26799 marta ko`rilgan

Ommabop xizmatlar

Yuborilmoqda...

Qayta aloqa

* belgisi bilan ajratilgan maydonlar to`ldirilishi shart.

Tasvirdagi belgilarni kiriting*
Harflar katta yoki kichikligining ahamiyati yo`q.
Murojaat yuborish

Davlat organi rahbariyati qabuliga yozilish

Tadbirkorlik

Qayta aloqa