Portalning yangi versiyasini ishga tushirish munosabati bilan, ushbu versiyada texnik quvvatlash to'xtatiladi!!!
Yangiliklar » Interaktiv davlat xizmatlari – Zamonaviy, qulay, ishonchli (УЧАСТНИК КОНКУРСА)
18.11.2013

Muqaddima

XIX asrda telegraf va telefonning ixtiro qilinish bilan boshlangan va insoniyat sivilizatsiyasini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqqan axborot kommunikatsiya texnologiyalari erasi, bugungi kunda o’z taraqqiyotining yuqori cho’qqisiga chiqdi desak yanglishmagan bo’lamiz.

Axborot kommunikatsiya texnologiyalari, rivojlanishning turli bosqichlarida, tarkiban kengayib, funksional jihatdan boyib bordi: Telegraf orqali matn jo’natish bilan, qandaydir daqiqalar ichida manzilga yetkazilgan xabar yoki yangilik, o’z vaqtida, oddiy qog’ozli pochta jo’natmasi bilan yuborilgan va manzilga yetgunicha, kamida bir, ikki hafta talab qilingan kommunikatsiya usulini qanchalik inqilobiy tarzda o’rin almashtirgan bo’lsa, uning faqat matn uzatishga moslashganligi singari kamchiliklarini, Bell ixtiro qilgan telefon apparati to’ldirdi. Popov ixtiro qilgan radioto’lqinlarni masofaga maqsadli uzatish texnologiyasi, axborot kommunikatsiya texnologiyalari olamida yana bir o’ziga xos burilish yasab berdi. Zvorikinning elektron nur trubkasi jamiyatni axborotlashtirishning eng samarali vositalaridan biri – televideniye davrini boshlab bergan bo’lsa, XX asrning 60-70 yillarida EHMlarning rivojlanishi asnosida yuzaga kelgan, kompyuter va tarmoq texnologiyalari, axborot kommunikatsiya texnologiyalari taraqqiyotining mantiqiy davomi sifatida yuzaga chiqdi.

Biz sanab o’tgan axborot kommunikatsiya texnologiyalarining har biri, o’z zamonasi uchun muhim ahamiyat kasb etgani rost. Ularning har biri jamiyat hayotiga chuqur singib, hattoki, ma’lum bir ijtimoiy va madaniy o’zgarishlarga ham sabab bo’lgan. Xususan, yuqorida biz sanoqdan chetda qoldirgan – matbuotning taraqqiy etishi, jamiyatdagi savodxonlikning ortishiga qanchalik hissa qo’shgan bo’lsa, radio va teletranslaytsiyalar orqali, aholi tezkor usulda muhim siyosiy, madaniy va ma’naviy axborot olish vositasiga ega bo’lgan edi.

Bizning o’z zamonamizda, shundoqqina ko’z o’ngimizda startga chiqqan uyali aloqa vositalari va internet texnologiyalari taraqqiyoti esa, yuqorida sanab, qisqacha ta’riflab o’tilgan axborot kommunikatsiya texnologiyalari qo’shini qudratiga yanada quvvat bag’ishladi. Ayniqsa internet global tarmog’i kelgusi asrlarda ham, bizning davrimiz uchun o’ziga xos tashrif qog’ozi sifatida namoyon bo’lsa ajab emas.

Zero, bugungi kunimizda internet – dunyodagi axborot almashinuvi va kommunikatsiya vositalari orasida eng ilg’or va ommabop bo’lib, u, o’sha telegrafdan boshlab ixtiro qilingan barcha axborot kommunikatsiya texnologiyalarining mantiqiy mohiyatlari – matnli xabar uzatish, tovush uzatish, tasvir uzatish kabilarni, o’zida yagona va yaxlit tizimga mujassamlashtirgan mukammal axborot-kommunikatsiya vositasiga aylandi. O’z ajdodlaridan farqli ravishda, endi internet, bir tomonlama axborot uzatish vositasi bo’lib qolmasdan, interaktiv axborot kommunikatsiya vositasi sifatida namoyon bo’ldi. Bu jihatlariga ko’ra, internetni, yozuv va kitob bosishning ixtiro qilinishi bilan bir qatorda, insoniyat tarixidagi uchinchi axborot inqilobi deb qarasak ham yanglishmagan bo’lamiz.

...Endilikda internet va uning ilg’or texnologiyalari qo’llanilmagan, foydalanilmagan soha «qoloq» sifatiga mansub desak ajablanmang! Zero, internet taqdim etayotgan qulayliklar tufayli, bugun biz, faqat qo’shni viloyatdagi yaqinlarimizgagina emas, balki, boshqa materikdagi tanish-bilishlarimizga ham videoqo’ng’iroqlar qilishimiz, foydalanilgan xizmatlarga haq to’lashimiz, mahsulotlarga buyurtma berishimiz va sotib olishimiz - tobora oddiy kundalik holatga aylanib bormoqda. Internet bizlarga taqdim etayotgan eng oddiy interaktiv xizmat – elektron xat-xabar almashinuv (e-mail yoki, ijtimoiy tarmoqlar)dan boshlab, elektron kutubxona (e-Library), elektron masofaviy ta’lim (e-learning) kabi, hamda, elektron tijorat (e-commerce), elektron to’lovlar (e-Payment), elektron birja (e-Exchange) kabi ilg’or interaktiv xizmat turlari, jamiyat hayotining ijtimoiy-iqtisodiy sohalarga jadallik bilan kirib kelib bo’ldi. Endilikda, tomonlardan birining (yoki ikkisining ham) shaxsan hozir bo’lishi talab etilmaydigan xizmat ko’rsatish sohalarida internetni joriy qilish, ham iqtisodiy ham ma’naviy jihatdan maksimal samaradorlik beradigan darajaga erishmoqda. Umumiy xulosa qilib aytganda, internet, axborot kommunikatsiya texnologiyalari olamidagi o’z ajdodlarining barcha yutuq va imkoniyatlarini o’zida jamlagan, va ulardan farqli ravishda, bir tomonlama axborot taqdim etish vositasigina bo’lib qolmay, balki, interfaol, ko’p qirrali kommunikatsion vosita sifatida yuksak samaradorlik potensiali namoyon qilmoqda...

Axborot kommunikatsiya texnologiyalari va Davlat boshqaruvi, yoxud, «Elektron hukumat»

Maqolamiz muqaddimasi orqali, gapni uzoqdan boshlab, axborot kommunikatsiya texnologiyalari, xususan internetning muhim iqtisodiy va ijtimoiy sohalarga allaqachon kirib kelib, o’zining ijobiy ta’sirini ko’rsata boshlaganiga urg’u berdik. Ko’rinib turibdiki, ijtimoiy soha va iqtisodiyotning turli bo’g’inlarini boshqarish, rivojlantirish va samaradorligini orttirish maqsadida, sohaga axborot kommunikatsiya texnologiyalarini tadbiq etish – bugungi zamon talabi bo’lgan dolzarb masaladir. Bunday sharoitda, axborot kommunikatsiya texnologiyalarining kuchli potensialidan nafaqat ijtimoiy yoki iqtisodiy sohalar, balki, siyosiy sohada ham foydalanish, uni davlat boshqaruvi, davlat va jamiyat munosabatlari hamda, fuqarolarga davlat xizmatlari ko’rsatish kabi muhim ijtimoiy-siyosiy jarayonlar uchun qo’llash ayni muddao hisoblanadi. Davlat hokimiyati ichki tarmoqlari boshqaruvi (markaziy hukumat va mahalliy hokimiyatlar, davlat tashkilot va muassasalari o’rtasidagi o’zaro uzviylik) va davlat tashkilot va muassasalarining fuqarolar hamda biznesga ko’rsatadigan xizmatlarining samaradorligini oshirishda axborot kommunikatsiya texnologiyalarining qulayliklari va imkoniyatlaridan foydalanish – zamonaviy ilg’or yo’nalishlardan biri bo’lib, xalqaro leksikonda u «Elektron hukumat» (e-government) deb yuritiladi.

«Elektron hukumat» tushunchasi

Elektron hukumat tushunchasi dastavval XX asrning 90-yillari boshida AQSHda paydo bo’lgan. Mazkur tushuncha, 1991 yilda, AQSHning o’sha vaqtdagi prezidenti Bill Klinton davrida, internet va umuman axborot kommunikatsiya texnologiyalarining rivojlantirishga davlat darajasida, alohida e’tibor qaratgan paytda yuzaga kelgani ma’lum. Klinton ma’muriyati davrida davlat idoralari hujjatlari orqali OAVga tarqalgan «Elektron hukumat» tushunchasi, 1999 yildan boshlab, okean orti va Yevropaning yetakchi nashrlarida davriy ravishda va tez-tez uchray boshladi. Aynan shu davrda, «Elektron hukumat» va unga bog’liq tamoyillar tahlil va tadqiq qilingan ilmiy ishlar ham paydo bo’ldi. Misol uchun: Bellami Teylorning «Axborot asrida hukumat boshqaruvi» asari[2]da davlat boshqaruviga elektron axborot kommunikatsiya vositalari, xususan internetni tadbiq etishning nazariy masalalari ko’rib chiqilgan bo’lsa; 2002 yilda chop etilgan «Elektron hukumat strategiyasini baholash mezonlari: strategik tahlil xulosasi» nomli risola[3]da, elektron hukumatning joriy qilishning istiqbollari, uning texnik va ijtimoiy talablari asosida tahlil qilingan edi. Keyingi davrda, axborot kommunikatsiya texnologiyalari borasida rivojlangan, yetakchi davlatlar hukumatlarining maxsus qarorlari orqali amaliy ishga o’tildi. Davlat boshqaruvi sohasiga axborot kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishni ko’plab nufuzli xalqaro tashkilotlar ham qo’llab quvvatlay boshlashdi. Ularning har birida, mazkur tushunchaning o’ziga xos talqinini ko’rish mumkin, masalan:

Ko’rinib, turibdiki, «Elektron hukumat» tushunchasiga nisbatan nufuzli xalqaro tashkilotlarning yondoshuvida, ham umumiylik jihatlari, ham farqlar mavjud. Umuman olganda, dunyo mamlakatlarining ko’pchiligida «Elektron hukumat» tushunchasi jamoatchilik orasida munozaralarga sabab bo’layotganini ta’kidlash joiz. Xususan, «Elektron hukumat» so’zining ingliz tilidagi muqobili – «Electronic government» so’zi, ko’pchilik o’ylagani singari, hukumat, ya’ni, davlat boshqaruvining, ijro etuvchi markaziy hokimiyati tushunchasinigina taalluqli emas, balki kengroq ma’noda bo’lib, ya’ni, u – davlat boshqaruvi organlarining o’z funksiyalarini amalga oshirishda elektron axborot kommunikatsiya vositalari potensialidan keng foydalanishini nazarda tutadi. Shu tufayli, mutaxassislar orasida «elektron hukumat» dan ko’ra, «elektron boshqaruv» tushunchasini kiritish haqida g’oyalar ham mavjud.

Maqsad va vazifalar

Mazkur ikki tushuncha va atama yuzasidan davom etayotgan munozaralarga qaramasdan, amaliyotda ularning har ikkalasi odatda mazmunan bir-birini to’ldiruvchi so’zlar sifatida qo’llanilishi kuzatilmoqda. Chunki ularning har ikkisi ham umumiy ustuvor muddaolarni ifodalaydi: Hukumat organlari va davlat tashkilotlari faoliyatining samaradorligini yanada orttirish; fuqarolarga va biznesga ko’rsatiladigan davlat xizmatlarini interfaol usulda, zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalari vositalari orqali ko’rsatish; umuman olganda esa demokratik jarayonlarni yanada chuqurlashtirish uchun axborot kommunikatsiya texnologiyalari potensialidan unumli va keng foydalanish. Bunda «Elektron hukumat», davlat boshqaruvi sohasining alohida qismi yoki hukumatning yangicha shakli sifatida tasavvur qilinishi emas, balki, Davlat boshqaruvining an’anaviy yo’nalishlariga qo’shimcha, tarkibiy qism sifatida kiritilishi nazarda tutiladi. Mazkur tamoyillarning har qanday kombinatsiyasi uchun, «Elektron hukumat»ga qo’yiladigan quyidagi asosiy talablarni, boshqacha aytganda, elektron hukumatni joriy etishdan ko’zlangan asosiy maqsadlarni keltirib chiqarish mumkin:

Jismoniy va Yuridik shaxslarga ko’rsatiladigan davlat xizmatlarining yuqori sifat darajasida operativ ravishda, yagona standartlar asosida ko’rsatilishi;

Davlat va jamiyat o’rtasidagi o’zaro munosabatlarda, fuqarolarning davlat hokimiyati organlarining faoliyatiga oid axborotlar bilan uzluksiz ta’minlanishi;

Davlat hokimiyatining ichki strukturalarida, hukumat organlarining turli bo‘g’inlarida, tashkilot va muassasalarda idoralar aro ichki munosabatlarda samaradorlikning ortishi;

Geografik faktor; hujjat aylanishi va almashinuvi kabilarda sarf-xarajatlarni minimallashtirish. Elektron hujjat almashinuvi tizimini joriy etish.

Mazkur konsepsiyalarning amaliyotda o’z aksini topishi natijasida, davlat va jamiyat munosabatlarida, davlat boshqaruvi ichki strukturalarida quyidagicha samaradorlik va qulayliklarga erishish maqsad qilinadi:

Fuqarolarga va biznesga ko’rsatiladigan davlat xizmatlarida samaradorlik ortadi, ya’ni, fuqaro davlat idorasiga ariza, shikoyat yoki taklif bilan to'g'ridan-to'g'ri, elektron shaklda murojaat etishi va javob olishi mumkin bo’ladi. Davlat xizmatlaridan foydalanishda tayyor hujjat shakllarini (blankalarni) on-layn to’ldirish va topshirish, zaruriy ma’lumotnoma, ruxsatnoma va boshqa hujjatlarni on-layn tarzda shakllantirib, yuklab olishi, chop etishi kabi interaktiv xizmatlardan foydalanishi mumkin bo'ladi.

Standartlashtirilgan va avtomatlashtirilgan interaktiv xizmatlardan foydalanib, yuridik shaxs, o’zi uchun zaruriy davlat xizmatlarida on-layn foydalanishi imkoni paydo bo’ladi. Masalan, yuridik shaxs, o’z faoliyatini yuritish uchun maxsus ruxsatnomalar (litsenziya, patent, bojxona ko’rigi kabi) olishi yoki, davlat organlariga hisobot (masalan soliq deklaratsiyalari) topshirishi uchun tegishli portaldan foydalanib, tezkor va qulay ravishda ko’zlangan maqsadga erishishi mumkin. Bunda to’lovlarni ham on-layn usulda, internet banking yoki SMS-banking kabi xizmatlardan foydalanib amalga oshirish imkoniyati yaratiladi.

Davlat boshqaruvi ichki strukturasi – vazirliklar, idoralar, tashkilot va muassasalar, markaziy, hududiy va mahalliy hokimiyatlar, orasida elektron hujjat almashinuvi yo’lga qo’yiladi. Idoralararo munosabatlarda yaxlit interaktiv axborot tizimini qo’llash orqali, o’zaro aloqa va ichki monitoring tizimi shaffoflanadi.

Masofa va vaqt faktori. Fuqaro, o’zi uchun zaruriy davlat xizmatidan foydalanishda yoki, davlat idorasiga murojaat etishda, mazkur idora joylashgan manzilga shaxsan tashrif buyurishi, idora mas’ul xodimi, masalan rahbarini qabul vaqtini poylashi, kutib o’tirishi kabi holatlar bartaraf etiladi. Qolaversa, bu orqali mansabdor shaxslarning tamagirlik qilish holati cheklanadi.
Qolaversa, elektron hukumatni joriy qilish orqali erishilishi ko’zda tutiladigan yana bir qancha iqtisodiy va ijtimoiy naf omillari ham mavjudki, ularni ham o’z o’rnida e’tirof etib o’tish zarur: elektron hujjat almashinuvi tufayli, qog’oz iste’moli qisqaradi, ya’ni qog’oz mahsuloti tejaladi; hujjat almashinuv tizimida vaqt tejaladi, ya’ni elektron hujjat axborot kommunikatsiya texnologiyalari orqali yuborilganda, mazkur hujjat shu lahzaning o’zidayoq belgilangan manzilda hoziru-nozir bo'ladi. Davlat idorasiga murojaat etuvchi fuqaro, dastlabki zaruriy hujjatlarni to’plamini yoki murojaatnomani bir marotaba shakllantirib, kerakli manzilga yo’llaydi, murojaatni ko’rib chiqish va unga munosabat bildirishning keyingi bosqichlari maxsus semantik tizim asosida, avtomatlashtirilgan ko’rinishda, murojaat etuvchining ishtirokisiz amalga oshadi. Ya’ni, murojaat etuvchi fuqaro, zaruriy hujjatlar to’plamini, yoki, murojaatnomani ko’tarib, idorama-idora sarson yurishi, murojaatni ko’rib chiqishda jarayonining kuryeri sifatida qatnashishi, bu orqali, vaqt, transport, kanselyariya va boshqa turdagi xarajatlarga tushishi oldi olinadi. Bunda murojaatni ko’rib chiqishi va unga javob berishi zarur bo'lgan idoraning mazkur murojaatga nisbatan munosabati yuqori tashkilot tomonidan nazorat qilib turiladi, agar tegishli idora qonunda belgilangan muddatda murojaatni ko’rib chiqmasa yoki unga javob bermasa, yuqori davlat tashkiloti tomonidan chora ko’rilishi mumkin bo'ladi. Murojaatni ko’rib chiqish jarayoni qaysi bosqichga yetgani haqida fuqaro maxsus axborot kommunikatsiya vositalari, masalan, elektron pochta yoki SMS orqali xabardor bo’lib turishi imkoniyati yaratiladi.

Ilm-fan va texnikaning barcha yo’nalishi kabi axborot kommunikatsiya texnologiyalari sohasi ham tinimsiz rivojlanishda ekanligini nazarda tutsak, elektron hukumat tizimi ham mazkur sohaning keyingi yangi yutuqlarini o’zida joriy etish orqali yanada takomillashib, mukammallashib borishi tabiiy. Shunga ko’ra kelajakda, elektron hukumat bizning maqolamizda nazardan chetda qolgan yoki, tasavvurimizga sig’magan yangicha qulayliklar va foydali xususiyatlarga ega bo’lsa ajab emas. Umuman olganda esa, xorijiy davlatlarning ayrimlarida, zamonaviy elektron hukumat rivojlanishi tendensiyalari, vaqti kelib, hattoki saylovlar tizimini ham interaktiv, on-layn ko’rinishga kelishini bashorat qilishmoqda. Balki bu tasavvur haqiqatdan yiroqdir, lekin, elektron hukumatni joriy qilish va uni takomillashtirish borasida, o’sha xorijiy davlatlarning ayrimlaridagi ilg’or tajribalarni, va uning rivojlanish bosqichlari bilan tanishib chiqsak foydadan holi bo’lmaydi.

Elektron hukumat: Xorij tajribasi

Maqolamiz avvalida aytib o‘tganimizdek, elektron hukumat va uni amaliyotga tadbiq etish jarayoni jahon mamlakatlarida 90-yillar oxiri va 00-yillarning boshida boshlangan. Bugungi kunda elektron hukumat tizimini joriy qilish jarayoni, jahon miqyosida, ko’plab davlatlarda jadal tus olgan. Yetakchi, rivojlangan davlatlarning ayrimlarida mazkur jarayon o’zining nisbatan yetuk bosqichiga yetgan bo’lsa, aksariyat davlatlarda elektron hukumat tizimi takomillashuv jarayonini boshdan kechirmoqda. So’zimizga yaqin va uzoq xorij mamlakatlari tajribasidan misol keltirsak: shimoliy qo’shnilarimiz – Qozog’istonda 2004 yildan boshlab elektron hukumat shakllantirila boshlangan. www.egov.kz qozoq qardoshlarimizning «e-akimat» dasturi doirasida «e-litzenziyalash», «e-notariat», «e-davlat xaridlari» kabi ichki strukturalarda, 126 xildan ortiq davlat interaktiv xizmatlari ko’rsatiladi. Qozog’iston fuqarolari, mazkur tizim orqali, soliqlar, davlat yig’imlari, jarima va bojxona to’lovlarini on-layn to’lashlari, davlat idoralariga yozma murojaat etishlari, tashkilot, muassasa va idoralarning rahbarlari yoki boshqa mas’ul xodimlari qabuliga on-layn ro’yxatdan o’tishlari va ular bilan belgilangan muddatda videoqo’ng’iroqli aloqaga chiqishlari mumkin. Rossiyada, elektron hukumat tizimi borasida amaliy ishlar 2008 yilda boshlangan edi. AQSHda esa bu borada nisbatan erta – 2002 yildayoq ishga kirishilgan. Yevropa ittifoqi esa, «eEurope» tashabbusi orqali, 2000 yilda ish boshlagan edi.

Bu yo’nalishda, BMT jahonning 193 davlati orasida, elektron hukumatning amaliyotga joriy qilinish va uning sifat ko’rsatkichi borasida maxsus monitoring va reyting tizimi yuritib boradi. Reyting natijalari har 2 yilda e’lon qilib boriladi va 2012 yil mart oyida e’lon qilingan «E-Government Survey 2012: E-Government for the People» monitoring va reyting natijalariga ko’ra, jahon davlatlari orasida quyidagi Top-30talik yaqqol yetakchilik qilmoqda:

Mazkur reytingda qatorasiga ikkinchi marotaba, demakki, so’nggi 4 yillikda(!) Janubiy Koreya davlatining yetakchilik qilayotganini alohida e’tirof etish joiz. Rasmiy Seulning zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalari borasidagi salmoqli salohiyati va fuqarolarga ko’rsatayotgan interaktiv davlat xizmatlari darajasi, BMTning soha ekspertlari tomonidan 0.9283 indeksi bilan baholangan.

Umuman olganda esa, mazkur reytingni shakllantirishda BMT tomonidan, muayyan davlatdagi elektron hukumat tizimining rivojlanganlik darajasi quyidagi 3 asosiy mezon bo’yicha baholanadi:

1) Davlat tomonidan o’z fuqarolariga ko’rsatilayotgan on-layn interaktiv xizmatlarning miqyosi va sifati;

2) Axborot kommunikatsiya texnologiyalari infrastrukturasining rivojlanish darajasi;

3) Inson kapitali.

Davlat tomonidan o’z fuqarolariga ko’rsatilayotgan on-layn interaktiv xizmatlarning miqyosi va sifati, kontent, interaktiv xizmatlarning foydalanish imkoniyati darajasi va sifatiga ko’ra, davlat hukumatining asosiy portali, davlat xizmatlari ko’rsatiladigan asosiy portal, va turli vazirlik hamda idoralarning saytlarini baholash orqali aniqlanadi.

Axborot kommunikatsiya texnologiyalari infrastrukturasining rivojlanish darajasi esa, 100 nafar aholi soniga nisbatan simli internet tizimining doimiy abonent-foydalanuvchilari miqdori; 100 nafar aholi soniga nisbatan statsionar va mobil aloqa vositalari foydalanuvchilari miqdori; shuningdek, 100 nafar aholi soniga nisbatan, Keng Polosali Internetga ulanish qurilmalari soniga qarab belgilanadi.

Inson kapitali borasida esa, aholining savodxonlik darajasi, hamda, turli o’quv muassasalarida ta’lim olayotgan fuqarolarning umumiy aholi soniga nisbatan % miqdoridagi ulushi inobatga olinadi.

Ko’rib turganingizdek, mezonlar asosli bo’lsa-da, baribir, fikrimcha birmuncha nisbiy. Biroq ularda milliy elektron hukumat tizimi uchun qo’llash maqsadida, ko’rib chiqsa va o’rgansa arziydigan ko’plab sifatlar, o’zlashtirish mumkin bo’lgan uzoq yillik tajribalar mavjud. Lekin jahon tajribasida shakllanib kelgan umumiy standartlarning eng asosiysi bu interaktiv xizmatlarning ma’lum tamoyillar asosida tizimlanishidir:

Elektron hukumat: Texnologik tamoyillar.

Jahon tajribasida elektron hukumat tizimi quyidagi asosiy texnologik tamoyillar poydevorida shakllangan: (shu jumladan O’zbekiston elektron hukumat tizimi ham).

1) G2G (Government to Government) – Davlat–davlatga;

2) G2C (Government to Citizens) – Davlat fuqarolarga;

3) G2F (Government to Foreigners) – Davlat xorijliklarga;

4) G2B (Government to Business) – Davlat biznesga.

Ba’zi davlatlarning elektron hukumat tizimi shuningdek quyidagi tarmoqlarga ham ega: G2S (Government to Science) – Davlat–Ilm-fanga; G2N (Government to third sector) – Davlat-uchinchi sektor.

Endi mazkur yo’nalishlarni batafsil tahlil qilsak:

1) G2G (Government to Government) – Davlat–davlatga – bunda Davlat boshqaruvi apparati ichki strukturalari, markaziy va mahalliy hokimiyatlar, turli davlat idora, tashkilot va muassasalari orasidagi o’zaro munosabatlarda elektron hukumat tizimini joriy etish, elektron hujjat aylanishi, davlat organlari faoliyatining shaffofligi ortishi, doimiy monitoring va hisobot shakllari kabilar amalga oshiriladi.

2) G2C (Government to Citizens) – Davlat fuqarolarga – bu tizimda esa, fuqarolar, yagona davlat interaktiv xizmatlari portali orqali, o’zlarining davlat organlariga ariza, shikoyat yoki taklif kabi murojaatlarini elektron tarzda yuborishlari va ularga javob olishlari, turli xil davlat xizmatlaridan foydalanishlari, ya’ni, masalan, rasmiy hujjatlarning elektron nusxalarini shakllantirib olishlari, turli xil ma’lumotnoma, xabarnomalarni olishlari, shuningdek turli xil to’lovlar bo’yicha tranzaksiyalarni on-layn usulda amalga oshirishlari mumkin bo'ladi.

3) G2F (Government to Foreigners) – Davlat xorijliklarga – bu tizimda, Davlat va xorijlik shaxslar o’rtasida, milliy qonunchilik va xalqaro hujjatlarga tayangan holda interaktiv xizmatlar ko’rsatilishi nazarda tutiladi. Masalan, viza masalalari, investitsiyalar, ta’lim va turizm sohalariga oid xizmatlar ko’rsatilishi nazarda tutiladi.

4) G2B (Government to Business) – Davlat biznesga – mazkur tizim esa, yuridik shaxslar, ishbilarmonlar va tadbirkorlar uchun ruxsatnomalar olish, turli xil rasmiy jarayonlarni interaktiv usulda soddalashtirilgan tarzda amalga oshirish, shuningdek, davlat yig’imlari, to’lovlar va ho kazolarni on-layn amalga oshirish, hisobotlar va rasmiy murojaatlarni on-layn yuborish imkonini berishi ko’zlanadi.

Elektron hukumat: O’zbekiston modeli.

Keling endi, elektron hukumatning vatanimiz O’zbekistondagi rivojlanish tendensiyalari bilan tanishib chiqamiz:

Tarix, Me’yoriy-huquqiy baza,

Vatanimizda elektron hukumat va uning tarkibiy qismlarini shakllantirish tarixi 2002 yildan boshlangan edi. 2002 yil 30 mayda imzolangan PF-3080], «Kompyuterlashtirishni yanada rivojlantirish va axborot kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish to'g'risida»gi Prezident Farmoni bu borada dastlabki qadamlardan biri bo'lgan edi. Mazkur farmon orqali, O’zbekistonda axborot kommunikatsiya texnologiyalari amaliyotga joriy etishni yanada chuqurlashtirish, axborot kommunikatsiya texnologiyalari potensialidan keng foydalanish borasida me’yoriy-huquqiy hujjatlar ishlab chiqilishi boshlangan, yurtimizda elektron hukumat tizimining keyingi istiqboli uchun zamin yaratilgan edi. Albatta, har qanday ishda bo’lgani kabi, elektron hukumatni amaliyotga tadbiq etishda ham, qonunchilik, me’yoriy-huquqiy baza eng asosiy o’rin tutadi. Bu borada, 2003 yil so’ngida qabul qilingan «Axborotlashtirish haqida»[3]va «Elektron raqamli imzo haqida»[4]gi qonunlar muhim qadam bo’lib xizmat qildi. 2007 yil esa, O’zbekistonda elektron hukumatni shakllantirish borasida muhim amaliy qadamlar tashlangan, e’tiborga molik yil bo'ldi. Vazirlar Mahkamasining Qarori[5] bilan (VMQ №181, 23.08.2007), Davlat organlarining o’zaro hamda, fuqarolar va muassasalar bilan munosabatlarini, elektron hukumat xizmatlarini taqdim etish orqali yo’lga qo’yish borasida ustuvor yo’nalishlar belgilab olindi. Maxsus nizom orqali, axborot kommunikatsiya texnologiyalari qo’llash orqali ko’rsatiladigan interaktiv davlat xizmatlarining standartlarini yaratish va asosiy davlat interaktiv xizmatlari ro’yxati qabul qilindi. Vazirlar Mahkamasining 2007 yil, 17 dekabrdagi №259 qarori bilan, hukumat portalida axborot taqdim etish va interaktiv xizmatlar ko’rsatishni takomillashtirish borasida muhim ishlar amalga oshirildi. 2009 yil, 21 apreldagi, №116 hukumat qarori bilan, davlat organlarining internet tarmog’ida taqdim etishi lozim bo'lgan, 9 xil tematikaga biriktirilgan, jami 102 xil axborot turlari ro’yxati, shuningdek, ularning yangilanib turishi muddatlari o’rnatildi.

Umuman olganda esa, 2002-2012 yillarda, O’zbekistonda axborot kommunikatsiya texnologiyalari sohasini rivojlantirish, interaktiv davlat xizmatlari va elektron hukumatni shakllantirish borasida 14 ta qonun hujjatlari va boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. O’zbek elektron hukumatini shakllantirishning huquqiy asoslari borasida 2012 yil eng katta burilish yili bo’ldi desak mubolag’a bo’lmaydi. 2012 yilda qabul qilingan jami 4 ta qonun hujjatlarida, O’zbekistonda elektron hukumatni amaliyotga joriy etishni jadallashtirish borasida asosiy chora-tadbirlar va aniq yo’nalishlar belgilab olindi. Avvalo, 2012 yil, 21-mart kuni imzolangan, PQ-1730, «Zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalarini yanada joriy etish va rivojlantirish chora tadbirlari»[6] haqidagi Prezident qarori orqali, o’z ichiga 21 ta aniq chora-tadbirlarni qamrab olgan, 2012-2014 yillarga mo’ljallangan maxsus dastur tasdiqlandi va uning ijrosi maxsus Muvofiqlashtiruvchi Kengashga yuklandi. Vazirlar Mahkamasining 2012 yil, 1-noyabrdagi, №313 qarori bilan, Elektron hukumatning asosiy interaktiv xizmatlari ro’yxati (reestri) yangilandi (87-band), va nihoyat, bu borada, Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 30 dekabrdagi, №378 «Interaktiv davlat xizmatlari ko’rsatishni hisobga olgan holda internet tarmog’ida O’zbekiston Respublikasining hukumat portali faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida»[7] qarori bilan, elektron hukumatni yanada rivojlantirish va davlat boshqaruviga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etishda ko’maklashish maqsadida, Yagona davlat interaktiv xizmatlari portali (Yagona portal) tashkil etish va uning texnik va texnologik asoslari bayon qilingan nizom qabul qilindi.

Yuqorida eslab o’tilgan barcha me’yoriy-huquqiy qonunchilik hujjatlari, O’zbekistonda interaktiv davlat xizmatlari hamda elektron hukumatni joriy qilish, uni rivojlantirish borasida bosqichma-bosqich, evolyutsion huquqiy poydevorni yaratishga xizmat qildi. 2013 yilda ham bu boradagi mantiqiy izchillik davom etib, aytish mumkinki, haqiqiy ma’noda O’zbek elektron hukumatining huquqiy poydevorini mustahkamlagan muhim qonun hujjatlarining qabul qilinishi bilan ahamiyatli bo'ldi. Xususan, bu borada, Vazirlar Mahkamasining 25-yanvar, 2013 yil, 18-sonli qarori[8] bilan, davlat boshqaruvining samaradorligi va yuridik hamda jismoniy shaxslarga interaktiv davlat xizmatlari ko’rsatish sifatining oshirilishini ta’minlovchi «Elektron hukumat» tizimini shakllantirish alohida ustuvor vazifa qilib belgilandi. Qolaversa, mazkur qarorda «Elektron hukumat» tushunchasiga, o’zbek tilida rasmiy tushuntirish – ta’rif berildi:

Ko’rinib turibdiki, O’zbekistonda, elektron hukumatni tashkil qilish borasida hukumat darajasida katta e’tibor ko’rsatilmoqda. Buning yaqqol misoli sifatida, hukumat darajasida qabul qilingan so’nggi muhim qarorlarni keltirishimiz mumkin. 2013 yil, 16-sentyabrdagi 250-sonli Hukumat Qarori[1] bilan, O’zbekistonda elektron hukumat tizimini yanada rivojlantirish maqsadida, maxsus markaz – «Elektron hukumat tizimini rivojlantirish markazi» hamda, «Axborot xavfsizligini ta’minlash markazi» tashkil qilindi. Mazkur qaror bilan, O’zbekistonda elektron hukumat tizimini rivojlantirish va qo’llab quvvatlash, uning me’yoriy-huquqiy bazasi, uslubiy va texnologik ta’minoti va tizim uchun mas’ul tashkilotlarning moddiy texnik bazasini mustahkamlashga oid o’ta muhim ustuvor vazifalar aniq belgilab berildi.

Bundan tashqari, ushbu qaror bilan, «Elektron hukumat tizimini rivojlantirish» hamda, «Axborot xavfsizligini ta’minlash markazi» larning tuzilmasi va faoliyati tartibini belgilovchi nizom qabul qilindi.

Prezidentimizning 2012 yil sentyabr oyida Janubiy Koreyaga amalga oshirgan tashriflari mobaynida, axborotlashtirish sohasida hamkorlik to'g'risida o’zaro anglashuv memorandumi imzolangan edi. Koreya Respublikasining elektron hukumat borasida BMT reytingida qatorasiga ikkinchi marotaba yetakchilik qilayotganligini maqolamizda ta’kidlagan edik. Koreyaning bu boradagi boy tajribasi, hamda mazkur davlat hamda Respublikamiz o’rtasida o’rnatilgan mustahkam hamkorlik aloqalari negizida, Prezidentimiz tomonidan Koreyaning axborot kommunikatsiya texnologiyalari sohasida yetakchi mutaxassislaridan biri – janob Kim Nam Sok, O’zbekistonda elektron hukumat tizimini shakllantirish jarayoniga ko’maklashish maqsadida, Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar davlat qo’mitasi raisining o’rinbosari sifatida AKT bo’yicha maslahatchi etib tayinlangan edi.

Prezidentimiz I.A. Karimov, 2012-yilda mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari hamda 2013-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasi majlisida «Elektron hukumat» tizimini shakllantirish, jumladan, biznes sohasi va fuqarolarga interaktiv davlat xizmatlari ko‘rsatish jarayonini takomillashtirish muhimligini alohida ta’kidlagan edilar. Bu esa O’zbekistonda «Elektron hukumat» tizimini rivojlantirish uchun davlat rahbariyati darajasida yuksak e’tibor qaratilayotganligiga yorqin dalildir.

...Tasavvur yaqqolroq bo’lishi uchun, O’zbekistonda elektron hukumat tizimini joriy etilishining so’nggi tendensiyalarini quyidagi ketma-ketlikda ifodalash o’rinli bo’lar edi:

Bu borada, 2013 yilning o’tgan 10 oylik kattagina qismida salmoqli amaliy ishlar bajarilgani va muhim natijalarga erishilganini e’tirof etish o’rinlidir. Xususan, bu borada amalga oshirilgan eng katta amaliy ishlardan biri – 2013 yil 1-iyuldan boshlab, O’zbekiston yagona Davlat interaktiv xizmatlari portali (yagona portal) ishga tushdi. Bungacha esa, O’zbekiston elektron hukumat tizimining maxsus ko’rinishi, O’zbekiston Respublikasi Hukumati portali – www.gov.uz bazasida taqdim etilayotgan edi:

O’zbekistonda Elektron hukumat tizimini shakllantirish va amaliyotga joriy qilish borasidagi ilk portal bu – O’zbekiston Respublikasi Hukumati portali – www.gov.uz bazasida boshlangan edi. Hukumat portalining asosiy sahifasida, saytga tashrif buyuruvchining e’tiboriga yaqqol tashlanadigan joyda alohida ajratib ko’rsatilgan havola-tugmalar orqali taqdim etilgan. Bu, vazirliklar, idoralar va boshqa davlat tashkilotlarining veb-saytlarida taqdim etilayotgan interaktiv xizmatlarning yaxlit majmuasini tashkil qilib, zaruriy aloqa shakllari va giperhavolalar bilan ta’minlangan. Shuni alohida ta’kidlab o’tish kerakki, hukumat portali – www.gov.uz dagi interaktiv davlat xizmatlari tizimi, Yagona Portal (YDIXP)dagidan bir oz farq qiladi va u Interaktiv davlat xizmatlari uchun maxsus alohida portal – www.my.gov.uz tashkillangan va samarali faoliyat olib borayotgan bugungi kunda ham o’z funksional vazifalari hamda dolzarbligini saqlab kelmoqda. 2012 yil so’ngida, ya’ni Yagona Portal hali mavjud bo’lmagan davrda, Hukumat portalidagi interaktiv davlat xizmatlari soni 91 tani tashkil etar edi.
Hukumat portalidagi interaktiv davlat xizmatlari 27 ta tegishli bo’limlarga ajratilgan bo’lib, ulardan 11 tasi fuqarolar va biznesga (G2C va G2B) mo’ljallangan:

5 tasi esa xorijliklarga mo’ljallangan (G2F).

Shuningdek hukumat portalida, Vazirliklar, Agentlik va boshqa Davlat organlarining saytlariga havolalar, ularning manzillari, aloqa shakllari va mas’ul shaxslarining qabul kunlari batafsil yoritilgan. Hukumat portali orqali bir tomonlama axborot taqdim qilish, qonunchilik manbalari bilan tanishtirish shaklidan, ikki tomonlama, ya’ni, haqiqiy interaktiv xizmat shakliga o’tish jarayonida birinchilardan bo’lib, Yuridik shaxslar uchun soliq deklaratsiyalarini on-layn to’ldirish va DSI ga yuborish, fuqarolar uchun esa, soliq idoralaridan shaxsiy STIR raqami, shuningdek, joriy sanaga soliqlardan qarzdorlik yoki haqdorlik mavjudligi haqidagi ma’lumotnomani shakllantirib, yuklab olish xizmatlari yo’lga qo’yilgan edi. Buning uchun Davlat Soliq Inspeksiyasining maxsus sayti (asosiy sayt www.soliq.uz)www.hisobot.uz ga kirib, zaruriy ma’lumotlar – login, parol va ERI kalitini kiritish orqali shaxsiy kabinetga kirish va standart harakatlarni amalga oshirish bilan ko’zlangan maqsadga erishish mumkin. Mazkur yo’nalishda keyingi muhim qadamlar kommunal soha tashkilotlaridagi iste’molchilarning hisob-raqamlarining holati haqidagi ma’lumotlarni olish imkonini beruvchi xizmatlar bo'ldi. Xususan, iste’molchilar uchun foydalanilgan elektr energiyasi hisob-kitoblari haqidagi ma’lumotlarni on-layn taqdim etishni birinchilardan bo’lib, O’zbekenergo DAK (www.uzbekenergo.uz) yo’lga qo’ydi. Davlat statistika qo’mitasi saytida firma nomlarini on-layn ro’yxatdan o’tkazish tizimi, Bojxona qo’mitasi saytida esa, bojxona deklaratsiyalarini on-layn qabul qilish tizimi ish boshladi. Shu tarzda, hukumat portalida interaktiv davlat xizmatlarining soni ortib, ular sifat jihatdan ham takomillashib bordi. Xususan, keyingi davrda xar bir davlat idorasi, tashkiloti, muassasa va boshqa tuzilmalarning, mahalliy hokimiyatlarning rasmiy veb-saytlarida alohida interaktiv xizmatlar bo’limi tashkil etildi. Biroq, bul holatning bitta noqulaylik tarafi mavjud edi: ular tarqoq holda bo’lib, har bir muassasaga murojaat etishda, uning sayti saytidan foydalanish, agar murojaatni ko’rib chiqishda boshqa muassasaning ham ishtiroki talab qilinsa, bunda murojaat etuvchi fuqaro, ikkinchi muassasaga ham alohida murojaat bilan chiqishi kerak edi. Qolaversa, ayrim tashkilotlarning veb-saytlarida ko’rsatilgan manzillarning faol emasligi, yoki, murojaat e’tiborsiz qoldirilishi holati nazoratdan chetda qolar edi. Shu kabilarni bartaraf etish va davlat interaktiv xizmatlarini standartlashtirilgan yagona tizimga birlashtirish bu o’rinda mantiqan to'g'ri va optimal variant bo’lardi. Shu sababli ham Vazirlar Mahkamasining maxsus qarori bilan barcha davlat interaktiv xizmatlarining standartlashtirilgan yaxlit majmuini o’zida namoyon etuvchi Yagona Davlat Interaktiv Xizmatlari Portali (YIDXP)- www.my.gov.uz tashkil etildi va u 2013 yil 1-iyul sanasidan boshlab test rejimida ish boshladi:

Yagona Davlat Interaktiv Xizmatlari Portali

Yagona Davlat Interaktiv Xizmatlari Portali (YIDXP) – aytish mumkinki, O’zbek elektron hukumat tizimining yuzi sifatida, hukumat tomonidan tasdiqlangan interaktiv xizmatlar ro’yxatida keltirilgan barcha interaktiv davlat xizmatlarini taqdim etadigan, o’z nomi bilan yagona tizim bo’lishi ko’zda tutilgandir. Aytib o’tganimizdek tizim test (beta) rejimida ish boshlagan va u hozircha ishlab chiqish va takomillashtirish bosqichini boshdan kechirmoqda. Yagona Portal, ramziy ma’noda aytganda, katta yo’lga endi chiqqan bo’lsa-da, o’zining qulaylik va texnik hamda texnologik jihatlari bilan anchagina katta potensialni namoyon qilib ulgurdi. Hozirgi kunda yagona portalda taqdim etilayotgan interaktiv davlat xizmatlari Litzeniyalash va ruxsatnomalar, Elektron to’lovlar, Bank va Moliya xizmatlari, Uy-joy va kommunal xo’jaligi sohasi, Axborot texnologiyalari va aloqa, Konsullik xizmatlari, Mehnat, Tadbirkorlik, Sug’urta, Ko’chmas mulk, Sog‘liqni saqlash, Soliqqa tortish, Arxiv, Investitsiyalar va savdo, Madaniyat va Sport, Intellektual mulk, Transport, Bojxona, Huquq va Ta’lim yo’nalishlarida, jami - 20 ta tematik bo’limlarga birlashtirilgan bo’lib, ular ham o’z navbatida tarkibiy qismlarga bo’linadi:

Foydalanuvchilar YIDXPda shuningdek alohida bo’lim-ilova (вкладка) orqali, vazirliklar, davlat tashkilot, idora va muassasalarining ro’yxatiga o’tish va ularning aloqa manzillari, rahbariyat qabul jadvallari, on-layn murojaat shakllari bilan tanishishlari, giperhavolalar orqali kerakli tashkilot yoki idoraning rasmiy veb-saytiga o’tishlari mumkin. Ishonch telefonlari bo’limi ham portalning o’ziga xos jihatlaridan biri bo’lib, bu yerda hozircha 20 ta muassasaning ishonch telefonlari qayd etilgan. Undan tashqari YDXIPning o’zida ham Qo’ng’iroqlar markazi (Call center) tashkillangan bo’lib, internetga ulanish imkoniyatiga ega bo’lmagan fuqarolar mazkur funksiyadan foydalanib, o’z murojaatlarini bayon qilishlari imkoniyati mavjud:
Portaldan foydalanuvchi fuqaro, o’ziga zaruriy masalada taklif, shikoyat yoki ariza bilan, mazkur masalaga aloqador mas’ul davlat idorasiga to'g'ridan-to'g'ri murojaat etishi mumkin. Bunda murojaat etuvchi fuqaro, istagiga ko’ra o’z murojaatining ko’rib chiqilishi jarayoni qaysi bosqichga yetganligi haqida SMS ma’lumotlari orqali xabardor bo’lib turishi, murojaatiga javobni istasa elektron pochta orqali, xohlasa, oddiy pochta orqali olishi mumkin.

Interaktiv xizmatning mazkur shakli hozircha YDIXP ning eng ommabop xizmat turi bo’lib turibdi. Portal asosiy sahifasida, kelib tushgan va ko’rib chiqilgan murojaatlarning statistikasini kuzatish shunday xulosaga kelishga asos bo’lmoqda.
Undan tashqari portalda, «Ko'p uchraydigan savollar» bo’limidan, foydalanuvchilar tomonidan ko’p beriladigan, an’anaviy savollarga javob olish, yoki, qanoatlanitiruvchi javob topa olmasa, maxsus shakl orqali o’z savoli bilan portal xodimlariga murojaat etishi mumkin. Shuningdek portalga tashrif buyuruvchilar, biror bir xizmat turi borasida o’z takliflarini kiritishlari yoki portal faoliyati bo’yicha mulohazalari bilan uForum da fikr almashinishi mumkin. Shuningdek, yagona portalda, sohaga oid qonunchilik tizimi, kalit so’zlar yordamida qidiruv, teglar majmuasi (buluti) kabi qulayliklarni alohida ta’kidlash joiz.

Portaldan foydalanish uchun fuqaro, maxsus identifikatsiya tizimi – www.ID.uz da ro’yxatdan o’tishi zarur bo'ladi. Foydalanuvchi www.ID.uz ma’lumotlari orqali www.my.gov.uz da ham o’z shaxsiy kabinetiga ega bo’ladi. Shaxsiy kabinetda, zaruriy ma’lumotlarni kiritib, tahrirlab olish kerak. Chunki, davlat idorasiga murojaat etishda, murojaatchining shaxsi aniq va to'g'ri bo’lishi muhim. Ko’pincha saytlardagi boshqa nom yoki taxallus bilan ro’yxatdan o’tish maqsadga muvofiq emas. Shaxsiy kabinetda, murojaatchi, o’z murojaatining ko’rib chiqilishi bosqichi haqida yangilanib turadigan ma’lumotlarga ega bo'ladi. Shuningdek, soliq, aloqa, hamda kommunal xizmat tashkilotlaridagi shaxsiy hisob-varaqalar raqamlarini kiritib, ulardan kelgusida foydalanishga zamin yaratishi mumkin.

Umuman olgan portaldan foydalanish ancha oson. Tashqi dizayn va navigatsiyaning yengilligi, har qanday foydalanuvchilar guruhiga, zaruriy xizmatni tez va oson topish imkoniyatini beradi. Har bir xizmat turi uchun ko’zga yaqqol tashlanadigan izohlar va tushuntirishlar berilgan. Biroq, portaldan foydalanishni yanada qulayroq qilish uchun ayrim jihatlarga e’tibor berish zarar qilmaydi. Bu borada quyidagi takliflarni keltirishim mumkin:

Yagona portalda hozircha jismoniy va yuridik shaxslarga ko’rsatiladigan xizmat turlari o’zaro aralash holatda taqdim etilmoqda. Ushbu holatni Yuridik shaxslar, ya’ni G2B tizimi uchun alohida bo’lim, jismoniy shaxslar, ya’ni G2C uchun alohida bo’limga tasniflash, ularning havola va boshqa elementlarini hech bo’lmaganda turli xil ranglar bilan yaqqol ajratib ko’rsatish mumkin (Qozog’iston elektron hukumat portalida shunday qilingan).

Shuningdek portal yuzasidan takliflardan yana biri, http://www.my.gov.uz dan foydalanish uchun sarflangan internet trafikni, O’zbekiston fuqarolari uchun bepul qilib qo’yish kerak deb o’ylayman. Bu bepul qo’ng’iroqlar tizimiga o’xshash bo’lib, internet-provayderlar va uyali aloqa kompaniyalari bilan bu borada kelishuvga erishish kerak bo'ladi. Bu kabi qulaylikni masalan hozirda uyali aloqa kompaniyalari o’z abonentlari uchun, o’z korporativ saytlari, shuningdek boshqa ayrim saytlar (asosan ijtimoiy tarmoqlarning «0» versiyalari) uchun taqdim etmoqda.

Qolaversa, interaktiv davlat xizmati orqali shakllantirib olingan rasmiy hujjatlarning turli xil idoralar va mansabdor shaxslarga taqdim etishda yuzaga kelishi mumkin bo'lgan ayrim holatlarni e’tiborga olish kerak. «Inertsiya» masalasi ayrim mas’ul shaxslarda uchrab turadigan holat. Ya’ni, masalan, biror bir hujjat, aytaylik soliq to’lovlaridan qarzim yo’qligi haqidagi ma’lumotnomani, portaldan shakllantirib, kompyuterimga yuklab, chop qilib oldim. Uning, DSI ga shaxsan borib, soliq idorasi xodimi tomonidan chop etilib, idora rahbarining imzosi va muhri bilan tasdiqlangan ma’lumotnoma bilan teng kuchga ega bo’lishini ta’minlash kerak bo'ladi. Aks holda men portaldan yuklab olib, chop etib olgan ma’lumotnomani, tegishli joyda taqdim etganimda, mansabdor shaxs tomonidan, muhr va imzo yo’qligi sabab qilib qabul qilinmasligi mumkin. Buning uchun, shakllantirib, yuklab olinadigan va keyinchalik biror idoraga taqdim qilinishi mumkin bo'lgan hujjatga maxsus nishon, masalan shtrix-kod, yoki Semakod biriktirish mumkin, bunda hujjat aylanishining keyingi bosqichlarida semakod yoki shtrix-kodni skanerlash orqali esa, mazkur hujjatning haqiqiyligini tekshirish mumkin bo’ladi. Semakod va shtrix-kodlarni skanerlab tekshirish funksiyasi hozirgi kunda ommalashgan smartfonlar va planshetlar uchun ilova-dasturlarda oson topiladigan narsa bo’lib, masalan, u orqali skanerlangan kod yordamida to'g'ridan-to'g'ri tegishli idora portaliga giperhavola berib, o’sha idoraning tasdig’ini hamda, boshqa ma’lumotlarni (berilgan sana, amal qilish muddati va ho kazolarni) olish funksiyasini ham kiritish mumkin.

Elektron hukumat tizimining asosiy manbasi – Yagona Davlat Interaktiv Xizmatlari portali (YDIXP) faoliyat ko’rsata boshlaganiga endigina 4 oy bo’ldi. Portal hozircha ishlab chiqish va takomillashtirish kabi tashkiliy bosqichlarni o’tamoqda. Bu bosqichda ba’zi xizmatlarning to’liq shakllantirilmaganligi yoki foydalanish imkoniyati bo’lmasligi tabiiy holat. O’ylaymanki, vaqt o’tishi bilan, O’zbek Elektron Hukumat tizimi yuzi – YDIXP aholining barcha qatlamlariga keng sohalarda mukammal va sifatli interaktiv xizmatlar ko’rsatadigan, haqiqiy ma’nodagi yetakchi portalga aylanadi. Bu borada, portalning dasturchi, dizayner va texnik ta’minotchilardan tortib barcha mutaxassislariga kuch-quvvat, omad va zafarlar tilayman. Hamyurtlarimizga esa, o’z fuqarolik huquqlaringizni amalga oshirishda, davlat xizmatlaridan foydalanishda vaqtingiz, mablag’ingiz tejash, ayrim hollarda uchrab turganidek, asabbuzarlik, sarsongarchilik holatlaridan yiroq bo’lish uchun Interaktiv Davlat Xizmatlarining Yagona portali - www.my.gov.uz tizimidan foydalaning! Zamon bilan hamnafas bo’ling deyman...

PostScriptum.

Maqola yakunida, uning mutolaachisi uchun interaktiv davlat xizmatlaridan foydalanishning qulaylik tomonlari va ahamiyatli jihatlari borasida shaxsiy tajribam bilan o’rtoqlashuvchi ikkita misol keltirmoqchiman:

Birinchi misol:

Yuqoriroqda soliq to’lovlaridan qarzdorligim mavjud emasligi haqidagi ma’lumotnomani on-layn, interaktiv usulda shakllantirib, chop etib olishda kelib chiqishi mumkin bo'lgan muammo haqida misol keltirgan edim. O’sha misol haqiqatan ham o’zim bilan yuz bergan holatdan olingan.

Ikki yil muqaddam, shunday ma’lumotnoma, shuningdek STIR (INN) raqamini taqdim etishim haqida so’rashdi. Buning uchun menda ikki xil yo’l bor edi: 1) Davlat soliq idorasiga borish va o’sha yerda ma’lumotnoma olish; 2) Interaktiv davlat xizmati (www.hisobot.uz) dan foydalanib, maqsadga on-layn erishish.

O’sha vaqtda, garchi men Davlat soliq idorasining interaktiv xizmati haqida boxabar bo’lsam ham, birinchi yo’lni tanladim. Soliq idorasida navbat kutmaslik va ishni ertaroq hal qilish uchun, erta tongdayoq DSI manziliga yo’l oldim. «Navbat kutmaslik» borasida chuchvarani hom sanagan ekanman: soat 8-00 dayoq manzilda hozir bo’lganimga qaramay, 57 (!)-chi bo’lib navbatga yozildim. Fuqarolarga xizmat ko’rsatuvchi soliq idorasi xodimlari 3 ta darchada xizmat olib borishar edi. Har bir fuqaro uchun kamida 10-15 daqiqa sarflanardi. Bunday sharoitda, mening navbatim kelishi uchun kamida 3-3.5 soat vaqt talab qilinadi. Sabr bilan kutdim. Mening navbatim kelgunicha «birovvga xabar» oladigan «uchar» lardan uch-to’rttasi navbatni pisand qilmay ishini bitirishga urinib ko’rdi. Ayrimlari maqsadiga erishdi ham. Bundan asab buzilishi kelib chiqdi. Navbat menga yetib kelganida allaqachon tushlik vaqti kirib qolgan edi. Idora xodimi meni avvalgi yillardagi to’lovlarim, mol-mulkimning joriy holati haqida ma’lumotlarni oydinlashtirishi kerak edi. U mendan uyning loyiha rejasini taqdim qilishimni so’radi. Yaxshiki, o’zim bilan olib olgan edim. Xullas, taxminan 15-20 daqiqa ma’lumot qayta ishlash jarayonidan keyin, soliq idorasi xodimi menga qarzdorligim yo’qligi haqidagi ma’lumotnomani chop etib berdi. Endi unga, soliq idorasi rahbariyatidan (3-kishi) imzo va devonxonadan muhr olish kerak. ular esa allaqachon tushlikka chiqib ketishgan. Yana kutdim. Kelishgacha imzo va muhrlarni yig’ib, ishim bitdi.

Endi mazkur holatni tahlil qilib chiqamiz:

1) Transport xarajati– men buni hisobga olmayman, chunki hududiy soliq idorasi men yashaydigan joyga yaqin yerda joylashgan. Lekin bu aytaylik chekka qishloqda yashaydigan fuqaro uchun tuman markaziga borib kelishda muayyan xarajatni talab qiladi;

2) Vaqt– mening soliq idorasiga kirib borishim va u yerda ishim bitib chiqib ketishim uchun 4 soatga yaqin vaqt ketdi. Dam olish kuning kattagina qismi...

3) Asab – boya aytganimdek, navbatni pisand qilmaydigan «uchar» lar bilan dahanaki san-man bo’lib o’tdi; bu ayrim idoralarda xodimning qo’pol muomalasidan ham bo’lishi mumkin edi.

4) Sarsongarchilik – agar o’zim bilan uy rejasi va boshqa hujjatlarni olib olmaganimda, uyga qaytib borib kelishim, agar u hujjatlar ham qoniqarli holatda bo’lmasa, masalan, qo’shimcha qurilgan binolar uchun ma’lumotnoma olish kerak bo’lsa shahar Kadastr bo’limiga borib kelishim kerak bo’lar edi. Bir so’z bilan aytganda - kuryerlik. Yaxshiki menda unday bo’lmadi.

Lekin bu ham ko’p uchraydigan holat.

Endi ushbu holatlarni interaktiv davlat xizmatlaridan foydalanish orqali tahlil qilib chiqamiz.

Keyingi yili, ya’ni o’tgan 2012 yil oxirida ham mendan yana o’sha ma’lumotnomalarni bir idoraga taqdim qilish kerak bo’lib qoldi. Avvalgi yildagi «tajriba»dan xulosa qilib, bu safar, men interaktiv ravishda maqsadga erishishga qaror qildim. Buning uchun men, DSI ning internetdagi sahifasi – www.hisobot.uz ga kirdim. Aytganday, avvalgi safar men DSI bo’limida shaxsan bo’lgan chog’imda, ariza orqali, u yerdan xotira qurilmamga (fleshkamga) Elektron Raqamli Kalit (ERK) ni yuklab olgan edim. www.Hisobot.uz da mening fleshkamdagi ERK orqali, soliq idorasi portalidagi shaxsiy kabinetimga kirdim. To’lovlarning holatini (mol-mulk, yer soliqlari va deklaratsiyalar uchun) tekshirdim. Qarzdorlik yo’q. Demak Qarzdorlik mavjud emasligi haqida ma’lumotnomani olishim mumkin. Va bu ish bir necha soniyalarda amalga oshdi. Xuddi shuningdek, STIR (INN) raqamim haqidagi ma’lumotnomani ham bir zumda shakllantirib yuklab oldim. Ularni chop etib, so’ralgan joyga taqdim qilishim mumkin.

Mazkur holatni tahlil qilib chiqamiz:

1) Vaqt– mening soliq idorasiga saytiga kirib, zaruriy ma’lumotlarni kiritib va o’zimga kerakli hujjatlarni shakllantirib olishim uchun 5 daqiqadan ham vaqt ketdi. Endi taqqoslab ko’ring, 4 soat va 5 daqiqa!

2) Asab – Hech qanday asabbuzarlik bo’lmadi.

3) Sarsongarchilik – Hech qanday sarsongarchilik bo’lmadi. Bu borada, masalan, kadastr hujjati talab qilinsa, mazkur hujjatni yoki soliq idorasi portalining o’zida Yagona portal orqali shakllantirilgan ma’lumotlar omboridan avtomatik topishlari, va mening ishtirokimsiz amalga oshirishlari mumkin edi.

4) Moddiy xarajatlar – Men faqat sarflangan internet trafiki uchun sarf qildim. Bu provayder bilan o’rnatilgan tarifga bog’liq bo’lsa-da, har holda chekka qishloqdan tuman, shahar markaziga borib kelish xarajatida arzon tushishiga ishonchim komil.
Biroq yuqorida aytganimdek, mazkur ma’lumotnomada muhr va imzo bo’lmagani bois, taqdim qilgan joyimda uni qabul qilishga ikkilanishlar kuzatdim. Menga buning haqiqiyligi, o‘zim yasab olmaganim, va elektron hukumat tizimi, zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalarining imkoniyatlari, interaktiv davlat xizmatlari haqida uzoq tushuntirish berishga to'g'ri keldi. Har tugul bu o’sha shaxsga ham foydali bo’lgan bo‘lsa kerak :) .

Ikkinchi misol:

Men foydalanilgan elektr energiyasi uchun haq to’lash, umuman olganda esa, shahar elektr tarmoqlari korxonasidagi hisob-varaqam holatini bilish uchun ShETK[1] ga bordim. U yerda ham o’sha ahvol: navbat, tiqilinch... Har tugul elektr tarmoqlari idorasi abonent bo’limida mijozlar bilan ishlash ancha tartibli yo’lga qo’yilgan ekan. Hisob varag’im holati va to’lovni amalga oshirish uchun chamasi 20 daqiqa vaqt ketdi. Biroq, elektr tarmoqlari korxonasining idorasi shaharning narigi chekkasida, men yashaydigan joy esa boshqa chekkasida joylashganligini e’tiborga olsak, bu kichik bo’lsa hamki, transport xarajatini talab qiladi.

O’sha kunning o’zida, elektr tarmoqlari abonent bo’limi xodimiga murojaat etib, O’zbekenergo saytidagi (www.uzbekenergo.uz) interaktiv xizmatlardan foydalanish maqsadida, mobil telefon raqamimni ro’yxatdan o’tkazib oldim. Keyingi safar shu maqsad paydo bo’lganida, endi men, elektr tarmoqlari idorasiga shaxsan borib yurmay, uyimda, internet orqali (www.uzbekenergo.uz) interaktiv xizmatlardan foydalanib, login (abonent raqamim) va parol (u men ro’yxatdan o’tkazgan uyali telefon raqamimga keladi) bilan shaxsiy kabinetimga kirib, hisob-varag’im holatini tekshirib oldim va buni davriy ravishda takrorlab tura boshladim. Bu juda qulay va oson. Agar, elektr energiyasi uchun haq to’lamoqchi bo’lsam ham, endi ShETK idorasiga borib yurmayman. Menga xizmat ko’rsatuvchi bankning «Internet banking» xizmati orqali istalgan vaqtda to’lovni amalga oshirishim mumkin. Elektr hisoblagichdagi ko‘rsatkichni esa, SMS orqali, hudud elektr nazoratchisiga yuborsam, ma’lumotni u O’zbekenergo portali ma’lumotlar bazasiga kiritib qo’yadi va keyingi hisob kitoblarim uchun ham bu ma’lumotlar asqotadi.

Музаффар Косимов

www.orbita.uz

Поделиться

68881 marta ko`rilgan

Ommabop xizmatlar

Yuborilmoqda...

Qayta aloqa

* belgisi bilan ajratilgan maydonlar to`ldirilishi shart.

Tasvirdagi belgilarni kiriting*
Harflar katta yoki kichikligining ahamiyati yo`q.
Murojaat yuborish

Davlat organi rahbariyati qabuliga yozilish

Tadbirkorlik

Qayta aloqa