Portalning yangi versiyasini ishga tushirish munosabati bilan, ushbu versiyada texnik quvvatlash to'xtatiladi!!!
Yangiliklar » Elektron hukumatni takommillashtirish uchun qo‘yilgan yangi qadam (УЧАСТНИК КОНКУРСА)
18.11.2013

Yurtimizda e-hukumatni rivojlantirish, fuqarolarning davlat organlari bilan o‘zaro hamkorligini faollashtirish, fuqarolarning huquqiy savodxonligini oshirish uchun 2013 yilning iyul oyida "Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali" (www.my.gov.uz) ishga tushirildi.

Yuzdan ortiq davlat organlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat portalning "Davlat tashkilotiga murojaat yuborish" bo‘limi orqali amalga oshiriladi. Fuqarolarning tashkilotlarga murojaat etishlarini yanada osonlashtirish maqsadida tashkil etilgan "Tashkilotlar" bo‘limida esa barcha tashkilotlarning manzillari, telefon raqamlari, elektron manzillari, veb-saytlari va fuqarolarni qabul qilish kunlari keltirilgan. Bu, ayniqsa, chekka viloyatlarda yashovchi aholi uchun ko‘pgina qulayliklar tug‘diradi: poytaxtdagi tashkilotlarga kelib-ketish vaqti va xarajati tejaladi.

Shuningdek, ushbu portal orqali tashkilotlarga onlayn arizalar yuborish mumkin. Masalan, Bolalarni maktabgacha tarbiya muassasalariga qabul qilish bo‘yicha ariza, Innovasiya yarmarkasida ishtirok etish uchun ariza, Tadbirkorlik sub’ektlarini yuridik shaxs sifatida yoki yuridik shaxs tashkil etmasdan davlat ro‘yxatiga olish uchun ariza, sug‘urta qilish uchun ariza, yuridik shaxslarga UZINFOCOM markazi texnik maydonchasida (Ma’lumotlar markazi) bepul xosting taqdim etish uchun ariza va hokazo. On-layn tarzda foydalanish imkoniyati berilmagan hujjatlarning pdf va doc formatdagi nusxalari keltirilgan. Jumladan, plastik kartochkalarga va "SMS-To'lov" elektron xizmatiga doir barcha hujjatlarni olish.

Ushbu portaldagi interaktiv xizmatlardan biri "Arxiv" blogi orqali arxiv hujjatlarini elektron ko‘rinishda olishdir. Masalan, Oylik maoshi, Mehnat faoliyati, O‘qiganligi va Taqdirlanganligini tasdiqlash to‘g‘risidagi arxiv ma’lumotnomalarini taqdim etish kabi xizmatlar yo‘lga qo‘yilgan. Soliqdan qarzi mavjud emasligi to‘g‘risidagi ma’lumotnomani ham elektron shaklda olish imkoni mavjud. Shaxsiy tajribamdan aytishim mumkinki, ushbu xizmat davlat tashkilotida ishlovchilar uchun ayni muddao bo‘ldi: soliq idorasida ketkaziladigan vaqt tejalib, jarayon tezlashdi.

Yangi portalning yana bir qulaylik tomoni Telefon, Internet, Interaktiv raqamli televideniye (IPTV), Mobil aloqa, Kommunal va Savdo-sanoat palatasi xizmatlari uchun portal orqali elektron to‘lovlarni amalga oshirish mumkinligidir.

Saytda bo‘sh ish o‘rinlari sahifasi ham tashkil etilgan bo‘lib, bu sahifa orqali foydalanuvchi ish beruvchi tashkilotga o‘zining tarjimai holini (rezyumesini) yuborishi mumkin.

Fuqarolarning huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida portalda "Huquqiy ma’lumotlar" va "Ko‘p beriladigan savollar" bo‘limlari ham tashkil etilgan. Bu bo‘limlar orqali tegishli tashkilotlar (Yo‘l harakati xavfsizligi organlari, Notarius, Soliq, Ichki ishlar vazirligi, konsullik xizmati va h.k.)ga taalluqli qoidalar, nizomlar, yangiliklar bilan tanishish imkoniyati mavjud.
Saytning interaktivligini oshirish maqsadida tashkil etilgan "Xizmatni taklif etish" bo‘limi orqali fuqarolar saytda mavjud bo‘lmagan xizmat turini taklif qilishlari mumkin. Shuningdek, saytdagi Muhokama, Yangi xizmatlar, So‘nggi mulohazalar va Statistika bo‘limlari ham saytning interaktivligini bir pog‘ona ko‘tarishga xizmat qiladi.

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali fuqarolarga ko‘pgina xizmatlar ko‘rsatmoqda. Biz ham saytni yanada takommillashtirish va xizmat turlarini kengaytirish bo‘yicha o‘z takliflarimizni bildirmoqchimiz.

Har bir milliy portalda navigasiya tizimi alohida rol o‘ynaydi. Portalimizning navigasiya tizimini yanada takomillashtirish foydalanuvchilarning saytda ishlash faoliyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Masalan, portalimizdagi biror-bir bo‘limga kirish va boshqa bir bo‘limga o‘tish uchun avval bosh sahifaga qaytish talab qilinadi, bu esa ayrim yangi foydalanuvchilar uchun qiyinchilik tug‘dirishi mumkin. Bu borada www.korea.gov.kr va www.saudi.gov.sa saytlaridan andoza olish maqsadga muvofiqdir. Masalan, korea.gov.kr portalida "quick menu" deb nomlanuvchi mundarija bo‘lib, u orqali kerakli bo‘limga istalgan vaqtda o‘tish imkoni bor. Braziliya hukumati veb-dizaynerlari esa bosh menyuni yanada o‘zgacha ko‘rinishda taqdim etishgan. Portalda (www.brasil.gov.br) menyu "kim uchun" va "nima haqida" bo‘limlariga ajratilgan: unda turli yosh va kasb kishilari uchun xizmatlar ajratib ko‘rsatilgan.

Portalda ba’zi xizmatlar qaysi bo‘limda turganligini aniqlash qiyinchilik tug‘diradi, bunday hollarda tezkor qidiruv tizimiga ehtiyoj tug‘iladi. Hozirda www.my.gov.uz portalidagi qidiruv tizimida muammolarmavjud. Bu borada e-hukumat bo‘yicha yetakchi davlatlar portalidan andoza olish maqsadga muvofiq. Masalan, Singapurning portalida (www.ecitizen.gov.sg) juda faol qidiruv tizimi mavjud. Meksikaning (www.gob.mx) portali bosh sahifasi esa faqatgina qidiruv tizimidan iborat bo‘lib, Google qidiruv tizimiga o‘xshab ketadi: kerakli bo‘limni juda qisqa vaqtda topish imkoniyati yaratilgan.

Hukumat portalimizda tashkilotlar manzillari Finlyandiya saytida (www.suomi.fi/suomifi/english/service_map/index.html) keltirilganidek tegishli xarita bilan berilsa, kerakli tashkilot yoki idora binosini topishni yanada osonlashtiradi.
Saytda ko‘pgina xizmatlar kiritilgan bo‘lib, ularning ba’zilari offlayn, ba’zilari onlayn xizmatlardir. Barcha xizmatlar, bosh menyudan tashqari, uch turga bo‘lib ko‘rsatilsa, foydalanuvchi uchun qulay bo‘lardi, ya’ni:

1. Onlayn xizmatlar: (e-services) bunday menyu deyarli barcha yetakchi davlatlar bosh sahifasidan o‘rin olgan (www.usa.gov, www.suomi.fi);

2. Offlayn xizmatlar;

3. Yuklab olinishi mumkin bo‘lgan hujjatlar ro‘yxati. Xizmatni yanada ommalashtirish uchun hujjatlarni nafaqat hozirgidek yuklab olish, balki ularni to‘ldirib, yana portal orqali kerakli muassasaga uzatish imkoniyati yaratilishi lozim. Masalan, Saudiya Arabistoni davlat portalida (www.saudi.gov.sa) turli ariza va ma’lumotnomalarni pdf yoki doc shaklida ko‘chirib olish va ularni to‘ldirib, yana qayta saytga yuklash va kerakli manzilga yuborish imkoni mavjud.

Shuningdek, portalda quyidagi xizmatlar joriy etilsa, portal yanada faollashadi. "Mening eslatmam" xizmati: e-hukumatdagi yangiliklar, yangi xizmat turlari foydalanuvchi xohishiga ko‘ra SMS yoki elektron xat ko‘rinishida uzatiladi. Bunday xizmat Maltaning (www.mygov.mt) va AQShning (www.usa.gov) veb-saytida ham bor. "Ekspertdan so‘ra xizmati" — turli sohalarga oid savollarni shu soha ekspert va mutaxassislaridan elektron tarzda so‘rash va javob olish imkoniyatini beruvchi xizmatdir. Bunday imkoniyat Hindistonning milliy hukumat portalida (www.indg.in) mavjud bo‘lib, xizmati bizning saytda ham joriy etilishi fuqarolarimizning huquqiy, iqtisodiy, tibbiy savodxonligini oshirishga xizmat qiladi. Bu sohaga mutaxassislarni jalb etish uchun ush bu xizmatni pullik tashkil etish ham mumkin. "Ombudsman" xizmati — fuqarolar Ombudsmanga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat etish va inson huquqlariga oid turli huquqiy ma’lumotlarni olish imkoniga ega bo‘lishlari uchun tashkil etilishi lozim. Masalan, Buyuk Britaniya hukumati portalida bunday xizmat bo‘lmasa-da, ombudsman sayti (www.gov.uk/government/ organisations/the-parliamentary-and-health-service-ombudsman)ga havola keltirilgan.

Ma’lumotlar xavfsizligini ta’minlash maqsadida portaldagi shaxsni tasdiqlash tizimini mukammallashtirish lozim. Pokiston portali (www.nadra.gov.pk) taqdim etayotgan chipga asoslangan elektron pasport tizimi yuqori darajadagi xavfsizlikni ta’minlab beradi. "Ijtimoiy himoya" bo‘limida davlat tomonidan ijtimoiy himoya ko‘rsatiladigan fuqarolar uchun ma’lumotlar, xizmatlar, tashkilotlar, maslahatlar joylashtiriladi. Hozirda milliy portalda bunday bo‘lim mavjud emas, faqatgina O‘zbekiston Respublikasi mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi sahifasi keltirilgan bo‘lib, tashkilot ko‘rsatadigan xizmat bo‘limida esa faqat ish qidirayotganlar uchun xizmatlar taqdim etilgan, xolos. Nafaqachilar, nogironlar, kam ta’minlanganlar, voyaga yetmaganlar kabi ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar uchun ma’naviy, huquqiy va moddiy yordam olish xizmatlari tashkil etish fuqarolarning faoliyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Dunyoning e-hukumat qurish bo‘yicha ilg‘or davlat portallarida bunday bo‘lim mavjud.
Fan va texnika bo‘limi tashkil etilib, unda fan-texnika sohasida ish olib borayotgan institutlar, tashkilotlar, korxonalar, jurnallar xizmatlari; konferensiya va seminarlar haqida ma’lumotlar va ularda qatnashish uchun, patent olish uchun onlayn ariza; doktorlik dissertasiyasini olish uchun kerakli hujjatlar, maslahatlar, onlayn testlar; yosh olimlar uchun ko‘rsatma va yo‘riqnomalar joylashtirilsa, yurtimizda ilm-fan rivojiga katta hissa qo‘shilardi.

Shuningdek, Yangi interaktiv davlat xizmatlari portali menyusi bo‘limlariga yana ko‘pgina xizmatlarni qo‘shish maqsadga muvofiqdir. Ushbu portal tashkil etilganligiga endigina to‘rt oy bo‘lganligini va portalda foydalanuvchilar xohish-istaklari e’tiborsiz qoldirilmayotganligini inobatga olsak, kelajakda bu portal yanada mukammallashib, fuqarolar va davlat o‘rtasidagi munosabatlarni yanada yengillashtirishiga ishonchimiz komil.

Rashid NASIMOV, TATUning "Telekommunikasiya injiniringi" kafedrasi assistenti

www.xabar.uz

Поделиться

29929 marta ko`rilgan

Ommabop xizmatlar

Yuborilmoqda...

Qayta aloqa

* belgisi bilan ajratilgan maydonlar to`ldirilishi shart.

Tasvirdagi belgilarni kiriting*
Harflar katta yoki kichikligining ahamiyati yo`q.
Murojaat yuborish

Davlat organi rahbariyati qabuliga yozilish

Tadbirkorlik

Qayta aloqa